Biznesni avtomatlashtirishni qayerdan boshlash kerak
Katta ERP’dan emas, eng ko‘p vaqt yeydigan bitta jarayondan. Uni qanday topish va birinchi natijani bir oyda olish haqida.

Ko‘p kompaniyalar avtomatlashtirishni “hamma narsani bitta tizimga o‘tkazamiz” degan qaror bilan boshlaydi. Bunday loyiha bir yildan oshib ketadi, xodimlar eski Excel’ni tashlamaydi, natija esa ko‘rinmaydi. Biz boshqacha yo‘lni tavsiya qilamiz: bitta og‘riqli jarayondan boshlash.
1. Vaqt qayerga ketayotganini o‘lchang
Bir hafta davomida jamoadan har kuni qaysi ishlar qo‘lda, takror-takror qilinayotganini yozib borishni so‘rang. Odatda ro‘yxat tepasida shular chiqadi: buyurtmalarni bir jadvaldan boshqasiga ko‘chirish, hisobotni qo‘lda yig‘ish, mijozga holatni telefonda aytib berish.
2. Bitta jarayonni tanlang
Eng yaxshi nomzod — har kuni takrorlanadigan, qoidalari aniq va xatosi pulga tushadigan jarayon. Masalan, kargo kompaniyasida posilkani qabul qilishdan mijozga xabar yuborishgacha bo‘lgan zanjir.
- Jarayon har kuni yoki har hafta takrorlanadimi?
- Kim nima qilishi aniq yozib qo‘yilganmi?
- Xato bo‘lsa, kompaniya pul yoki mijoz yo‘qotadimi?
3. Kichik versiyani ishga tushiring
Birinchi versiya hamma holatni qamrab olishi shart emas. Muhimi — jamoa uni har kuni ishlatishi. 3–5 haftada ishga tushirib, haqiqiy foydalanish asosida kengaytirish yangi talablarni oldindan taxmin qilishdan ancha arzon.
4. Natijani raqamda ko‘ring
Boshlashdan oldin bitta ko‘rsatkichni yozib qo‘ying: buyurtmani rasmiylashtirish vaqti, xatolar soni yoki kunlik qo‘ng‘iroqlar. Bir oydan keyin shu raqamga qarab keyingi jarayonni tanlaysiz.
Avtomatlashtirish — bitta katta loyiha emas, ketma-ket kichik g‘alabalar. Qayerdan boshlashni bilmasangiz, bizga yozing: bitta suhbatda eng foydali birinchi qadamni topamiz.
Bizga yozing